Mirziyoyev hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trln so‘m investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv tizimi qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilish boshlandi.
"So‘nggi besh yil davomida aholi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratdik. Bu davrda ilk bor 6,5 million aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi", - dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
2021 yilda 6300 kilometrga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgani, 474 ta suv inshootlari qurilgani, 592 ta mahallada 2,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilangani ta’kidlandi.
"Eng muhimi, bu ishlar hisobiga 1,5 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, hali sohada yechimini kutayotgan muammolar ko‘p", dedi davlat rahbari.
Misol uchun, 4 mingta mahallada ichimlik suvi sutkasiga 4-6 soat beriladi. 1,5 mingdan ortiq mahallada markazlashgan ta’minot yo‘lga qo‘yilmagan.
Bundan tashqari, 2 mingga yaqin bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari markaziy tarmoqqa ulanmagani bois, suvni tashib kelishga majbur bo‘lmoqda.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzaxda ichimlik suvi ta’minoti 60 foizdan kam.
Prezident kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trln so‘m investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv tizimi qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Joriy yilda ushbu maqsadlar uchun 2 trln so‘m budjetdan ajratiladi, 245 mln dollar jalb etiladi.
"Asosiy e’tiborni suv ta’minoti va sifati past hududlarni rivojlantirishga qaratamiz", dedi prezident.
Bu borada qo‘llanishi kerak bo‘lgan 3 ta tajriba ko‘rsatib o‘tildi:
- Namangan viloyatining 85 ta mahallasi uchun mahalliy budjet hisobidan 260 km tarmoq tortib, 8 ta quduq qazib, 8 ta suv minorasi qurilgan. Natijada 25 ming aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
- Baliqchi, Pop, Uchqo‘rg‘on, Qo‘shtepa va Quvaning 6 ta mahallasida vazirlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida 7 ta suv inshooti va 117 km tarmoq qurilib, 20 mingdan ortiq aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.
- yuqoridagi imkoniyatlar bo‘lmagan mahallalarda tashib kelinadigan suv hisobiga 25-50 tonnalik markaziy suv hovuzi qurib, xonadonlarga tarmoq o‘tkazsa bo‘ladi.
Davlat rahbari qayd etilgan tajribalardan kelib chiqib, 1-mayga qadar suv ta’minoti bo‘lmagan mahallalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni toifalarga ajratishga topshiriq berdi.
Bunda qaysi mahallada quduq qazish, qaysi biriga markazlashgan tarmoq tortish yoki markaziy hovuz barpo etish lozim, degan savollarga aniq javob bo‘lishi zarur.
Bu ishlarga xususiy sektorni jalb qilish uchun quyidagi yengilliklar beriladi:
suv yetkazib berish uskunalari, maxsus transport xarid qilishga va obyektlar qurish uchun kredit foizining 14 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi;
import qilinadigan uskunalar va texnikalarga bojxona bojlari bekor qilinadi;
xususiy sektor ishtirokidagi suv ta’minoti korxonalariga foyda, yer, mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi;
ijtimoiy buyurtmalar uchun budjetdan har yili kamida 50 milliard so‘m grant ajratiladi;
ushbu mahallalarda xususiy suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori mahalliy Kengashlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Davlat rahbari viloyat hokimlari oldiga kelgusi ikki yilda 2 mingta bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalarini ichimlik suvi bilan ta’minlash vazifasini qo‘ydi.
Ushbu maqsadlar uchun respublika budjetidan 50 milliard so‘m, mahalliy budjetlar hisobidan yana 50 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, Jahon bankining qishloqlar infratuzilmasini yaxshilashga ajratilgan 160 milliard so‘m hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida 413 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga beriladigan 1 trillion so‘m mablag‘lar ham birinchi navbatda shu maqsadlarga yo‘naltiriladi.
Ushbu maqsadlarga qo‘shimcha 100 million dollar xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilish topshirildi.
Viloyat hokimlari "Uzsuvta’minot" bilan birga joriy yilning o‘zida markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini 75 foizga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
"Har bir viloyat o‘zini rejalarini o‘n kunda qayta ko‘rib chiqib, ularni oshirish bo‘yicha taklifni berishi zarur", dedi prezident.
Bu ishlarni jadallashtirish uchun suv ta’minoti loyihalari bo‘yicha joylardagi “O‘zsuvta’minot”ning injiniring kompaniyalari viloyat hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, pudratchilarni aniqlash va moliyalashtirishni ochish viloyatning o‘zida bo‘ladi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va "Uzsuvta’minot" loyihalarga texnik talablarni belgilaydi va ularni ekspertizadan o‘tkazadi, ishlarni qabul qilib, ekspluatatsiyaga mas’ul va javobgar bo‘ladi.
Mutasaddilarga ushbu yangi tizimni amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Yig‘ilishda bugungi kunda mavjud 8 mingta suv qudug‘idan 1,5 mingtasi yaroqsiz holatga kelgan bo‘lib, qariyb 800 ta mahallada suv ta’minoti yomonlashgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida yer osti quduqlarini qazish hamda Zarafshon, Chirchiq kabi darolar o‘zanida qum-shag‘al olish ishlarini nazoratsiz, pala-partish amalga oshirish oqibatida, ushbu hududlarda yer osti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.
Yig‘ilishda bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burg‘ilash ishlari faqat Geologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Ikki oy muddatda Zarafshon va Chirchiq darolarining ichimlik suvi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan uchastkalarida tartib o‘rnatish topshirildi.
"Boshqa daryo bo‘ylaridagi ahvol ham qattiq tartibga olinishi kerak. U yerlardagi holatdan to‘liq xabarim bor. Bunga ham ikki oy muhlat beraman", dedi davlat rahbari.