“Folksvagen Grup Rus”ni O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarish imkoniyati qiziqtirmoqda

Energetika vaziri Alisher Sultanov “Folksvagen Grup Rus” kompaniyasi bosh direktori Shtefan Mexa bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 8 fev — Sputnik. O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish rivojlanishi “Folksvagen Grup Rus” MChJda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultanovning kompaniya bosh direktori Shtefan Mexa bilan muzokaralari davomida ma’lum bo‘ldi.
Toshkentdagi uchrashuvda chet el tomoniga yaqin yillarda O‘zbekistonda “Yevro-5” sinfidagi avtomobil yoqilg‘isi, jumladan, benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berilgan.
Xususan, 2021-yilning dekabr oyida Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha GTL zavodi ishga tushirilgani, bu esa “Yevro-5” standarti talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada diversifikatsiya qilish va oshirish imkonini berishi ta’kidlangan.
O‘zbekistonda mahalliy elektromobillarni sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilinishi mumkin
Bundan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda, buning natijasida 2025-yildan boshlab 1,75 million tonna “Yevro-5” standartidagi neft mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishning rivojlanishi “Folksvagen Grup Rus” MChJda katta qiziqish uyg‘otdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda elektromobillar olib kirishda aksiz solig‘i va bojxona to‘lovlari olinmaydi”, - deyilgan xabarda.
Bir qator yoqilg‘i quyish shoxobchalari negizida elektromobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda va bu yo‘nalishda xususiy tadbirkorlik subyektlari rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Xorijiy delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda 2030-yilga borib umumiy energetika balansidagi ulushi kamida 25 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari(QTEM)ni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Uchrashuvda tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar. Istiqbolli takliflarni batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.