TOShKENT, 7 fev — Sputnik. O‘zbekiston OTMlarida kontrakt to‘lovlari muddati 1-martgacha uzaytirildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, bu qaror ko‘pchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari, shuningdek, oliy va professional ta’lim muassasalarining murojaatlarini inobatga olgan holda qabul qilingan.
“2021/2022-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilar o‘qishi uchun kontrakt miqdorini to‘lashning so‘nggi muddati 2022-yilning 1-marti etib belgilandi”, - deyilgan xabarda.
Ushbu muddat quyidagilar:
to‘lov-kontrakt asosida oliy ta’lim muassasalariga talabalikka (magistratura, bakalavr) tavsiya etilganlar;
to‘lov-kontrakt asosida professional ta’lim muassasalari (texnikum, kollej)ga o‘quvchilikka tavsiya etilganlar;
tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlar;
o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar uchun amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan qator davlat OTMlariga kontrakt narxini mustaqil belgilash huquqi berilgan.