Ayiq oldiga tashlab yuborilgan qizaloq sog‘lig‘i 18 yoshigacha nazorat ostida bo‘ladi

SSV ma’lumotiga ko‘ra, qizaloq rejali muolajalarni olmoqda, uning ahvoli kundan kun tiklanib borapti.
Sputnik
TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Toshkentdagi hayvonot bog‘idagi ayiq qafasidan olib chiqilgan qizaloqning salomatligi 18 yoshga to‘lguniga qadar nufuzli tibbiyot markazi nazoratida bo‘ladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, hozir qizaloq tibbiyot xodimlari nazorati ostida rejali muolajalarni davom ettirmoqda. Sog‘ligi kundan kun tiklanib borapti.

“Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi bemor qizaloq Z.A.ning 18 yoshga to‘lguniga qadar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipovni shaxsan mas’ul etib belgiladi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra 3 yoshli qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgani xabar qilingan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.
Keyinchalik Bosh prokuratura matbuot xizmati ayol 2021-yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turganligini ma’lum qildi. Uning jinoyat sodir qilgan paytdagi ruhiy holatini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan.
Toshkent hayvonot bog‘ida qizchasini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol haqida ma’lumot berildi