TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Tibbiyot sohasi bo‘yicha yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Turg‘unpo‘lat Daminov 6-fevral kuni 81 yoshida vafot etdi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Turg‘unpo‘lat Daminov 1941-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964-yilda Toshkent davlat meditsina instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatgan. 1969-yilda nomzodlik, 1986-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.
Daminov mehnat faoliyatini 1969-yilda Toshkent davlat meditsina institutida assistent sifatida boshladi. Ushbu muassasada dotsent, kafedra mudiri vazifasida faoliyat yuritdi. Keyinchalik Pediatriya ilmiy tekshirish instituti direktori, Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti rektori, Toshkent tibbiyot akademiyasi "Yuqumli kasalliklari va pediatriya" kafedrasi mudiri, mazkur kafedra professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi.
U mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot fanining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.
Olimning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 40 dan ziyod uslubiy tavsiyanoma va qo‘llanmalari mutaxassislarga yaxshi ma’lum.
Ayniqsa, tibbiyotning pediatriya va yuqumli kasalliklar kabi muhim yo‘nalishlarini rivojlantirish va boyitish borasida o‘z ilmiy maktabini yaratdi.
Akademik Turg‘unpo‘lat Daminov “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.