TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butunlay taqiqlash taklifiga munosabat bildirdi.
“Men axborot erkin tarqatilishi tarafdoriman. Texnik tomondan butkul bloklash imkoniyati bormi? VPNʼlar bor-ku. Bilasizmi, har kuni qancha yangi dasturlar chiqadi. Biz jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishimiz kerak”, - dedi Davletov jamoatchilikka hisobot berayotgan vaqtida.
Vazirning fikricha, axborot maydoni erkin bo‘lishi kerak.
“Yomon kontentlar faqat TikTokʼdami? Unda qayerdan diniy ekstremizm, zo‘ravonlikka targ‘ibi kuchayapti? Bloklash texnik jihatdan qiyin masala. O‘ylaymanki, bu hech qanday samara bermaydi”, - deya xulosa qildi u.
Avvalroq “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butunlay bloklash taklifini ilgari surgan edi. Bunga qadar "Milliy tiklanish" partiyasi shunday taklif bilan chiqqan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 2-iyul kuni ayrim ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok’dan foydalanish rasman cheklangan edi.