TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Andijonda MIB va bank xodimi qamoqqa olindi, deb xabar qildi MIB matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, 28-yanvar kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va viloyat prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, AT “Xalq banki” Shahrixon tuman filiali yuristi B.M. kredit karzdorligi uchun ortiqcha undirilgan 7,5 mln. so‘m pul mablag‘ini N.X.ning kreditiga yo‘naltirib berish evaziga 3,0 mln. so‘m talab qilib, bu mablag‘larni bank binosi oldida olgan vaqtda ushlandi.
Bundan tashqari, tekshiruv ishlari davomida, B.M. olgan mablag‘ni MIBning Shahrixon tumani bo‘limi davlat ijrochisi M.J.ga berishi lozim bo‘lganligi aniqlandi.
Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi "b" bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan B.M. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llanildi.