O‘zbekiston va Xitoy 5-yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini imzoladi

Pekin shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pekinga tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturi imzolandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Pekin shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashdi
Pekin shahridagi rasmiy uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashdilar.
2021 yil yakuniga ko‘ra tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkichga yetdi, Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 9 milliard dollarni tashkil etdi.
Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida sanoat, kimyo tarmog‘i, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yuqori texnologik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda ushbu tashrif doirasida imzolangan besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini keng ko‘lamda amalga oshirish muhim ekani qayd etildi”, - deyilgan xabarda.
Mutanosib tovar ayirboshlashga erishish, samarali hududlararo almashinuvlarni qayta tiklash va samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda chora ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Sog‘liqni saqlash, an’anaviy tibbiyot, turizm, ta’lim, madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik dasturini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma Xukumatlararo qo‘mita va uning sohalar bo‘yicha kichik qo‘mitalarining navbatdagi majlislarini o‘tkazish masalalari kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Afg‘onistonda tez fursatda tinchlik o‘rnatilishiga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish ko‘rib chiqildi.
Yakunda Mirziyoyev Xitoy raisi va xalqini oy taqvimi bo‘yicha kirib kelgan Yangi yil bilan tabrikladi va qishki Olimpiada muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.