TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Toshket shahri jamoat transporti harakat tarkibi zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilanadi. Bu prezident imzolagan yangi qarorda ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahar jamoat transporti sohasida xususiy sektor ulushi 2 barobarga oshiriladi.
Velosipedlarni ijaraga berish va ular uchun maxsus turar joylar tashkil etiladi hamda “aqlli chorraha”, “aqlli avtobus” va “aqlli bekat” tizimlari joriy etiladi.
Qaror bilan Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Jamoat transportini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida:
yo‘lovchi tashishlar hajmida jamoat transportining ulushi 21 foizdan 43 foizga oshiriladi;
jamoat transportida kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 2,7 million yo‘lovchiga yetkaziladi;
jamoat transportining harakatlanishidagi oraliq vaqti 2 barobarga kamaytiriladi;
1 063 ta avtobus, 673 ta elektrobus xarid qilinadi.
2023 yil 1-yanvardan “bosib o‘tilgan yo‘l”, “yo‘lovchi oqimi” va “sifat” mezonlari bo‘yicha moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi.