O‘zbekiston maktablarida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab yangi fan paydo bo‘ladi. “Musiqa” fani o‘qituvchilari bolalarga milliy cholg‘u asboblarini chalish bo‘yicha saboq beradi. Ta’lim muassasalarida qo‘shimcha musiqa to‘garaklari tashkil etiladi.
Musiqa ta’limining chuqurlashtirilishi maktab o‘quvchilarining har tomonlama rivojlanishiga qanday ta’sir qiladi? Sputnik muxbiri shunday savol bilan soha mutaxassislariga murojaat qildi.
Faqat harf o‘rgatish yetarli emas
“Bolalarga notalarni ham o‘rgatish zarur. Bu haqda o‘z vaqtida taniqli bastakor Dmitriy Shostakovich ham ta’kidlagan. Maktabda mashg‘ulotlarning o‘zi yetarli emas”, - deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi musiqa tarixi va tanqidi kafedrasi professori, musiqashunos Inessa Gulzarova.
Shu bois qarorda filarmoniyalarda turli sinf o‘quvchilari uchun ma’ruzalar tashkil etish ham nazarda tutilgan.
“Har doim bolalarning jismoniy tarbiyasi haqida o‘ylaymiz. Ularning madaniyat borasida tarbiyasiga e’tibor qaratishni boshlaganimiz juda yaxshi. Bolalar albatta nima bilandir mashg‘ul bo‘lishi kerak. Musiqa esa ularga juda yaxshi ta’sir ko‘rsatadi,- deydi professor. - Keyinchalik bolalarning barchasi ham musiqa bilan jiddiy shug‘ullanishmasada, bu shaxs sifatida shakllanishlariga ijobiy ta’sir qiladi”.
“Musiqa asboblarini chalishni o‘rganish, birinchi navbatda, hissiy intellekt, qo‘l, barmoq va oyoqlarda ishlash mahoratini rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, insonning kognitiv qobiliyatlarni yaxshilaydi”, - deydi amaliyotchi psixolog Yelizaveta Kabaskova.
Kognitiv qobiliyat deganda sodir bo‘lgan voqelikni idrok etish va tahlil qilish, shuningdek, diqqat, xotira va nutq qobiliyatlari tushuniladi. Gap shundaki, bola nota yozuvi va musiqiy janrlarni o‘rganish orqali, birinchidan, xotirasini mashq qiladi, ikkinchidan, musiqa asarini ijro etayotib, diqqatini bir jarayonga (bu holda, musiqiy asarni ijro etish jarayoniga) qaratishga o‘rganadi, yanada tirishqoq bo‘ladi.
“Bundan tashqari, turli musiqa asbobini chalishni o‘rganish miyaning chap va o‘ng yarim sharlari o‘rtasidagi neyron aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa tasavvurni kengaytiradi”, - deydi psixolog.
Bolalarning o‘zi nimani xohlaydi?
Eng muhimi, musiqiy bilim olish bolaga bir vaqtning o‘zida bir nechta topshiriqlarni bajarishga yordam beradi. Misol uchun: bir vaqtning o‘zida nota daftaridan asarni o‘qish va uni asbobda chalish, shuningdek, qo‘llarning to‘g‘ri joylashishini eslab qolish kabi.
“Milliy yoki klassik- aynan qanday cholg‘u asboblarini chalishni o‘rganayotganingiz muhim emas. Musiqa hamisha insonni, rahmdil va mehribon bo‘lishga yordam beradi, – deydi Inessa Gulzarova. Agar bolada musiqiy qobiliyatlar bo‘lmasachi? Professor ba’zi ota-onalarni o‘ylantirishi mumkin bo‘lgan savolga ham javob berdi.
“Aslida, har bir insonda asosiy musiqiy qobiliyat bor, - deydi Gulzarova. - Muhimi, musiqa va cholg‘u asboblari haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lish. Agar xohish bo‘lsa ularni yanada rivojlantirish mumkin”.
Psixolog Yelizaveta Kabaskovaning ta’kidlashicha, bolaning o‘zi nimani afzal ko‘rishi haqida ham unutmaslik lozim. Albatta O‘zbekiston uchun milliy musiqa san’atini tiklash, madaniyatni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Biroq, hamma bolalar har xil bo‘ladi.
“Kimdir musiqani yoqtirishi, yana kimdir matematika yoki biologiyani afzal bilishi mumkin. Agar barcha bolalarga musiqiy asboblarni chalish o‘rgatilsa, albatta kimdir bu sohada o‘z qiziqish va qobiliyatlarini namoyon qiladi. Yana kimlardir maktab tugashi bilanoq tashlaydi. Yana boshqa bir insonlarga bu butun umrga yoqimsiz xotira bo‘lib qolishi mumkin”- deydi Kabaskova.
Shu sababli, bolani yangi darslar paytida asbob chalishga majburlash mumkin emas, bu holda eng yaxshi yo‘l - qiziqtirish. Ehtimol, keyinchalik ushbu tashabbus faqat milliy cholg‘u asboblari bilan cheklanib qolmas - masalan, bola klavishlarni yoqtirishi va kelajakda o‘zini iste’dodli pianinochi sifatida namoyon qilishi mumkin.