Firdavs Abduxoliqovga qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish bo‘yicha sud majlisi qoldirildi

Firdavs Abduxoliqovga qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish bo‘yicha sud uning sog‘lig‘i yomonlashgani sabab qoldirildi.
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish bo‘yicha 4-fevralda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan sud majlisi qoldirildi.
Uning advokati Abduxoliqovning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli ishni ko‘rib chiqishni boshqa kunga qoldirishni so‘radi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Sud uning talabini qanoatlantirdi.
Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z oila a’zolariga tegishli telekanalga davlat buyurtmalarini bergani yuzasidan ma’muriy ish ochildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan hujjatlar Bosh prokuratura tomonidan o‘rganib chiqilib, Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.
Abduxoliqovga nisbatan MJtKning 175−8-moddasi 4-qismi (Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan ish ochilgan. Bu modda bilan Kinematografiya agentligi bosh direktori BHMning 20 baravaridan (5,4 mln so‘m) 30 baravarigacha (8,1 mln so‘m) miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Mavzuga doir yangi materiallar:
Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochildi
"Sevimli" telekanali bosh direktori vazifasidan ozod etildi
"Sabriya" seriali bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza natijalari e’lon qilindi