TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi 6 ta oliy ta’lim muassasasini kompleks o‘rganib chiqdi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganish natijalari yuzasidan mas’ullar va hududda joylashgan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, hududdagi bir qator OTMlardagi ta’lim sifati va ilmiy salohiyat yetishmasligi, o‘quv jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etishdagi muammolar hamda masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yishdagi kamchiliklar tanqid qilingan. Talabalar, o‘qituvchilar uchun zarur sharoit-sharoitlar yaratilmagani, moddiy-texnik baza bilan to‘liq ta’minlanmaganiga e’tibor qaratilgan.
Xususan, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyati qoniqarsiz deb topilgan. Direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘iga masofaviy ta’limni tashkil qilishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun hayfsan berilgan. Muammolarni bartaraf etish uchun uch oy vaqt berilgan.
“Bugun masofaviy ta’lim uchun yaratilgan ko‘plab maxsus platformalar bo‘la turib, 3 ming nafar talabani Telegram orqali o‘qitapsizlar. Hamma narsa Telegram’da. Oliy ta’lim muassasasining o‘z platformasi yo‘qmi? Bu nima ahvol? Prezidentimizning ozgina tashvishlari ming chandon to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lib ketapman. Barchasi bo‘yicha xulosa qilinadi. Endi ta’lim siyosatiga hamma javob beradi", — dedi Toshqulov.
Bundan tashqari, hududdagi barcha oliygohlarda ta’lim sifatini ta’minlashda qator jiddiy kamchiliklar mavjud ekani tilga olingan va bu bo‘yicha xulosa qilinishi bildirilgan.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi 6 ta OTMda ta’lim bilan qamrov 28% ga oshib, talabalarning umumiy kontingenti 51 431 nafarni tashkil qilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning umumiy soni 2 779 nafarni tashkil etib, ilmiy salohiyat 23,4% ga oshgan.