Turizm va sport vaziriga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi

Prezident Shahrillo Mahmudov va Abdullo Aslonovem turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qarorlarni imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Shahrillo Mahmudov va Abdullo Aslonov O‘zbekiston turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Prezident 2-fevral kuni tegishli qarorlarga imzo chekdi.
Shahrillo Mahmudov 1970-yil 13-sentabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 1992-yilda Buxoro davlat pedagogika institutini “jismoniy tarbiya o‘qituvchisi” yo‘nalishida tamomlagan. 2013-yildan buyon O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Mahmudov 2002-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, 2016-yilda “Mexnat shuhrati” ordeni hamda 2021-yilda “I darajali Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Abdullo Aslonov 1984-yil 8-iyul kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2014-yilda Samarqand davlat chet tillar instituti magistraturasini tamomlagan.
Shuningdek, u Regent London (Angliya), Kings Institute (Angliya), Marlborough College of Businnes and Technology (Angliya) talabasi bo‘lgan. Ko‘p yillar davomida u “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tizimida faoliyat yuritgan. 2020-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi hisoblanadi.
O‘tkir Saidov va Avazjon Karimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etilgan.
Prezidentga yangi maslahatchi tayinlandi