Toshkentda yo‘l o‘rtasida ovqatlangan voyaga yetmagan bolaning onasi javobgarlikka tortildi

Toshkent shahridagi yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi bordur ustida yosh yigitning ovqatlanayotgani aks etgan video muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi bordur ustida yosh yigitning ovqatlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 31-yanvar kuni soat 10:00 atrofida Shayxontohur tumani Xadra mahallasi hududidagi yo‘lning qatnov qismida ro‘y bergan. U yerda voyaga yetmagan 17 yoshli S.O. ovqatlagan.
IIBB xabarida ta’kidlanishicha, fuqaro bu xatti-harakatlari bilan o‘zini va atrofdagi shaxslarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan.
Holat yuzasidan voyaga yetmagan bola bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Uning onasiga esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik)ga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.