Oliygohlarda o‘quv jarayonlari qachondan to‘liq an’anaviy shaklda olib borilishi ma’lum bo‘ldi

Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7-fevraldan 24-fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7-fevraldan 24-fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi
Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi qaroriga izoh berildi.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, 2022-yil 7-fevraldan boshlab barcha ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilishi e’lon qilingan edi.
Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli xil talqin qilinib, keng jamoatchilik, ayniqsa talaba-yoshlar va ularning ota-onalari orasida ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi.
“Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yo‘l chiptalarini almashtirishdagi noqulayliklarning oldini olish hamda talabalarning ijara uylari va yotoqxonalariga ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7-fevraldan 24-fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi. Bu oraliqdagi dars mashg‘ulotlari ham masofaviy, ham an’anaviy shaklda olib boriladi.
Bu jarayon har bir oliy ta’lim muassasasining ichki imkoniyatlari, o‘quv jarayonining hozirgi holati, mavjud shart-sharoitlarini inobatga olgan holda alohida reja-grafik asosida amalga oshiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar har bir ta’lim maskanining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 24-fevraldan boshlab o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlari to‘liq an’anaviy shaklda olib borilishini ma’lum qiladi”, - deyilgan izohda.