TOShKENT, 2 fev - Sputnik. O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi internetda muhokamalarga sabab bo‘layotgan rolik ularning tashabbusi emasligini ma’lum qildi.
Birinchidan, ushbu videorolik Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tasvirga olinmagan, mualliflar bilan bu bo‘yicha hech qanday kelishuv ham bo‘lmagan.
Ikkinchidan, vazirlik videorolik avvalida sohibqiron Amir Temur haqida aytilgan fikrlarga hayrihoh emas, - deyilgan xabarda.
Shuningdek vazirlik ushbu kabi roliklar O‘zbekistonga sayyohlar jalb qilishda yordam berishiga ishonch bildirdi.
"Videorolikning o‘zini umumiy oladigan bo‘lsak, bu kabi videolar mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qiladi", - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Youtube tarmog‘ida 27-yanvar kuni "Uncharted vs Tomb Raider vs Indiana Jones" videolavhasi paydo bo‘lgan edi. Videolavha boshida Amir Temur haqida ma’lumot berilgan. Unda sohibqironni "qonxo‘r xukmdor" sifatida tavsiflangan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokama va noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.