Maishiy chiqindilarni to‘plash va qayta ishlash qamrovi oshadi – prezident

O‘zbekistonda har yili qattiq maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga oshmoqda. Bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatgichdan 2 baravar ko‘p.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyul – Sputnik. O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni to‘plash va qayta ishlash qamrovi oshadi. Bu haqida prezident huzurida bo‘lib o‘tgan “Yashil makon” loyihasiga bag‘ishlangan majlisda ma’lum bo‘ldi.
“Prezident joriy yilda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga, xususiy sektor ulushini 50 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi”, deyiladi xabarda.
Ushbu maqsadlaga erishish uchun quyidagilar rejalashtirilgan:
import qilinadigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar 3-yilga bojdan ozod etiladi;
saralash va qayta ishlash texnikasi uchun 5-yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi;
chiqindini qayta ishlovchi klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi - 1% qilib belgilanadi;
klasterlar uchun o‘z chiqindilarining kamida 40 %ishi qayta ishlash talabi qo‘yiladi;
1 martga qadar 51 tuman va shaharda 38 ta korxona tashkil etish bo‘yicha tanlovlar boshlanadi.
1 oktabrga qadar ijtimoiy muassasalar va bozorlarga 8 mingta, kelgusi yil 1-mayga qadar 11 mingta konteyner o‘rnatiladi.
Shuningdek, bir oy muddatda Ohangaron tumanida Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi 30 gektar maydonda poligon tashkil etish bo‘yicha 17 million dollarlik loyiha doirasidagi qurilishni boshlashga ko‘rsatma berildi.
Undan tashqari hududlar rahbarlariga resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1-mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rish topshirildi.