Texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari 11 mlrd so‘mlik keshbekni noqonuniy olgan - DSQ

2022 yil 1-yanvardan xarid uchun berilgan chekni “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar xarid summasidan 1 % keshbekka ega bo‘lmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Texnik xizmat ko‘rsatish markazi (TXKM) xodimlarining keshbekka ega bo‘lish maqsadida o‘zgalarning xaridi uchun shakllangan cheklarni o‘z nomidan ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1-yanvardan 1-fevralga qadar 32 755 242 ta xarid cheki onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali chop etilgan. Shundan 1 482 563 tasiga “Soliq” mobil ilovasi orqali 19,4 mlrd so‘mlik keshbek hisoblangan.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar tahlil qilinganda, ayrim TXKM xodimlari keshbekka ega bo‘lish maqsadida vazifalarini suiiste’mol qilgani aniqlangan.
Xususan, 3 TXKM xodimi o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan 281 ta tadbirkorlik subyektining 11 mlrd so‘mlik 15,9 mingta xarid cheki ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Fuqaro Q.N. 178 nafar tadbirkorning 7 524 ta 5,8 mlrd, Q.A. 80 nafar tadbirkorning 5 206 ta 4,6 mlrd, R.F. esa 23 nafar tadbirkorning 3 131 ta 0,6 mlrd so‘mlik cheklarini “Soliq” mobil ilovasida QR kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Ular xaridni amalga oshirmasdan ro‘yxatga olingan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlaridagi xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi QR kodli chekini “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1 % keshbekka ega bo‘lmoqda.

“Soliq” mobil ilovasini qanday yuklab olish mumkin

Xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun telefonda “Soliq” mobil ilovasi o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Ilovani “Play Market” (Android) yoki “App Store” (iOS) orqali yuklab olish mumkin. Ilovaning “Umumiy xizmatlar” bo‘limida "Keshbek" tugmasini bosib, shtrix kodli (QR-kod) xarid chekini telefon kamerasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. "Keshbek" bo‘limida shtrix kod rasmi ko‘rsatilgan tugmani bosish kerak. Shundan so‘ng kamera xarid cheki shtrix kodiga yo‘naltirilsa, u avtomatik tarzda shtrix kodni o‘qiydi.
Ilovaning "Mening cheklarim" bo‘limida skaner qilingan cheklar ro‘yxati shakllanadi. Xarid cheklaridan tushgan keshbek yig‘ilib boradi va "Umumiy keshbek summasi" bo‘limida ko‘rinadi. Oy boshida o‘tgan oyda yig‘ilgan keshbek mablag‘lari to‘liq ko‘rinadi.
"Tushumlar tarixi" bo‘limida xarid chekini skaner qilish orqali yig‘ilgan keshbeklar tarixini ko‘rish mumkin. Yig‘ilgan mablag‘larni "Kartaga pul o‘tkazish" bo‘limida bank kartasiga o‘tkazib olish imkoniyati bor.
Ba’zi cheklar ilovadan ro‘yxatdan o‘tmaydi. Chunki, ayrim tadbirkorlar taqdim etadigan xarid cheklari Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan talablarga mos kelmaydi. Masalan, ba’zi hollarda xarid chekida "Fiskal belgi" va shtrix kod bo‘lishiga qaramay, uni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ilova "Chekdagi mahsulot kodi (MXIK) xato" deb ko‘rsatadi. Mahsulot kodida xatolik aniqlangan tadbirkorlik subyekti haqidagi to‘liq ma’lumotlarni soliq organlariga yetkazish kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazib, qancha pul ishlab olishdi
O‘zbekistonda xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazganlarga xarid summasining 1 foizi qaytariladi