TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati katta miqdordagi chet el valyutasini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining chegaraoldi hududida yashovchi 32 yoshli mahalliy fuqaro boshqaruvidagi "Damas" to‘xtatilib tekshirilgan. Uning salonidan 968 ming 900 dollar borligi aniqlangan va rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, shu tumandagi yog‘och bozorida uni kutib turgan 58 yoshli muqaddam sudlangan jinoiy sherigi ham ushlangan. Uning "Damas" mashinasi salonidagi 672 ming 206 dollar ham rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib, yashayotgan bu jinoiy guruh yetakchisi, qirg‘izistonlik 48 yoshli shaxs Toshkent shahrida va guruh a’zolari 5 nafar Qirg‘iziston fuqarolari Andijon shahrida qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 1 mln 641 ming 106 dollarning mamlakatdan noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining “bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.