TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati Samarqandda fuqarolarni AQShga noqonuniy yuborilishi bilan bog‘liq holatga chek qo‘ydi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand tumanida yashovchi 32 yoshli shaxs 3 fuqaroni "O‘zbekiston-Rossiya-Turkiya-BAA-Buyuk Britaniya-Meksika-AQSh" yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborishga va’da bergan. Buning uchun ularning har biridan 20 ming dollar talab qilgan.
Tezkor tadbirda u jami 60 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, fuqarolarga yo‘lga chiqishdan avval ularning har biri PZR test ma’lumotnomasiga va hisobida 5 ming dollar bo‘lgan VISA kartaga ega bo‘lishi kerakligi tushuntirilgan.
Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Uning xorijiy davlatlardagi jinoiy aloqalariga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.