TOShKENT, 1 fev — Sputnik. 15 yanvardan boshlab 5 oy davomida O‘zbekiston bo‘ylab koronavirusga qarshi emlangan fuqarolar o‘rtasida “Vaksina - to‘g‘ri tanlov” yutuqli o‘yinlari tashkil qilinadi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘yinlar doirasida har hafta 35 ta velosiped, 25 ta televizor, 25 ta smartfon va 25 ta planshet o‘ynaladi.
Ma’lum qilinishicha, yutuqli o‘yinlar har hafta 20:30 da Zo'rTV kanalida efirga uzatiladi. Har oyning so‘nggi shanba kunida esa super-yutuq — “Malibu” avtomobili o‘ynaladi.
O‘tgan shanba kuni Zo'rTV kanalida ilk g‘olib aniqlangan. Farg‘onaning Furqat tumanidan Esonaliyev Bahodirjon Xaliljon o‘g‘li "Malibu" yutib olgan. U Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimi.
Eslatma
15 yanvardan boshlab vaksina olgan barcha fuqarolar avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanishadi. Qo‘shimcha ravishda biror joydan ro‘yxatdan o‘tish shart emas. Vaksina turining farqi yo‘q, istalganini olsa hisob. Nechanchi dozaligining ham farqi yo‘q.