TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Toshkent shahrida ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan metropoliten xodimlariga chora ko‘rildi, deb xabar qildi metropoliten axborot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 30-yanvarda Toshkent metropolitenining Sergeli 1 bekatida tunggi navbatchilikni qabul qilish vaqtida bekat navbatchisi M.M. va farrosh M.S. ish joyiga spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda keldi.
Vaziyatga aniqlik kiritilishicha bekat navbatchisi M.M hamda katta operator G.I. farrosh M.S.ning tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida ish vaqtidan avval kafega borishgan va xodimlar M.M. va M.S. spirtli ichimlik iste’mol qilishgan. Tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra bu hol o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘z hatti-harakati bilan mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzganliklari uchun Harakat xizmati 1- bekat navbatchisi M.M. va bekat farroshi M.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomalari O‘z.R. MK ning 100-moddasi ikkinchi qismi 4-bandi hamda "Toshkent metropoliteni ichki mehnat tartibi qoidalari"ning 1-ilovasi 2-bandiga (ish joyida yoki ishga mast holda, giyohvandlik, psixotrop yoki zaxarvandlik vositalarini iste’mol qilib kelish, buni guvohlar ko‘rsatmasi yoki tibbiy hulosa tasdiqlangan bo‘lsa) asosan bekor qilindi.
Harakat xizmati 1- bekat katta operatori G.I. esa M.M. va M.S. spirtli ichimlik iste’mol qilib ish joyiga kelganligini, bu holat metropolitenda harakat xavfsizligiga rahna solishi va fojia bilan tugashi mumkinligini bila turib rahbariyatga ma’lum qilmagani uchun Toshkent metropolitenidan texnikaviy foydalanish qoidalarining 1-bob, 6-bandini (poyezdlar harakat bilan bog‘liq har bir xodim harakat xavfsizligi uchun o‘z majburiyatlari doirasida shaxsan javobgardir) buzgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi birinchi qismi 1- bandiga asosan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llandi.