TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, jazo muddatini o‘tayotgan 63 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 44 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi. Shuningdek, 19 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 2 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar tashkil etadi.