Bu qiziq

Qanday biologik faol qo‘shimchalar miya uchun zararli

Mutaxassisning ta’kidlashicha, oziq-ovqatlarda foydalaniladigan biologik faol qo‘shimchalarning barchasi ham tavsiya qilinganidek foydali emas.
Sputnik
Aynan qanday biologik qo‘shimchalar miya faoliyatiga yomon ta’sir qiladi? Bu haqida Sputnik radiosiga tibbiyot fanlari nomzodi Marina Anikina so‘zlab berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, miya faoliyatini yaxshilaydigan biologik faol qo‘shimchalar psixologik buzilishlarga olib kelishi mumkin.
“Miya faoliyatini yaxshilashda tavsiya qilingan har qanday qo‘shimcha salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki avvalo miya faoliyati buzilganligi sabablarini aniqlash lozim. Yoki organizm infeksiyaga duchor bo‘lgan, yoki meyordan ortiqcha ishlash sabab bo‘lgan. Chunki bunday vaqtda miya o‘ziga resurslar qidirish bilan ovvora bo‘ladi. Agar mana shunday noqulay vaqtda darhol miya faoliyatini yaxshilamoqchi bo‘lsangiz, ijobiy ta’sirdan ko‘ra, salbiy, ya’ni psixotik reaksiya, asabiylashish va uyqu buzilishi mumkin”, - deya izoh berdi mutaxassis.
Shifokor misol tariqasida Ginkgo biloba ekstraktini keltirib o‘tdi. Ushbu ekstrakt qon aylanishini yaxshilaydigan va miya yoshligini saqlaydigan vosita sifatida tavsiya qilinadi.
“Shunday vaziyatlar bo‘lganki, o‘smirlar ushbu ekstraktni imtihondan oldin iste’mol qilgan, ta’siri esa aksincha bo‘lgan, yoshlarda psixotik buzilishlar kuzatilgan. Bunday reaksiya demensiya (xotira yomonlashishi, aqliy faoliyatning buzilishi, odamlar va predmetlarni tanish kabi kognitiv qobiliyatning buzilish bilan keladigan kasallik)dan aziyat chekayotgan qari insonlarda ham kuzatilgan”, - deya ma’lumot berdi shifokor.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, aksariyat biologik faol qo‘shimchalar tavsiya qilinganidek yaxshi ta’sir ko‘rsatmaydi. Masalan, tibbiyot xodimlari Omega 3-6-9 to‘yingan kislotalar kompleksining yurak-qon tomir tizimiga foydali ta’sir ko‘rsatmasligini aniqlashdi.
Kardiologiya bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bu preparat o‘z samaradorligini ko‘rsatmagan. Shu sabab endi ushbu preparat yurak ishemik kasalliklari, serebral arteriyalar aterosklerozni oldini oladigan vosita sifatida tavsiya qilinmaydi.