TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kuzatilgan elektr energiyasi bilan bog‘liq holatda eng ko‘p Sirdaryo issiklik elektr stansiyasi (IES) yonib ketishidan qo‘rqqanini bildirdi. Bu “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari 26-yanvar kuni bosh prokuror, ichki ishlar vaziri, Milliy gvardiya qo‘mondoniga insonlar orasida yurishi haqida topshiriq berganini aytib o‘tdi.
"Hech kim kechasi bilan uxlagani yo‘q. Nimaga uxlamadik? Birorta odamni yo‘qotmaylik, deb harakat qildik. Bundan tashqari agar salgina nojo‘ya harakat qilganimizda… Juda katta xatar keldi. Bir kunda hamma narsa o‘chib qoldi. Agar gazni sekin bermaganimizda suvi chiqib ketdi, bug‘i yo‘q edi u yerda. Bug‘ni paydo qilish uchun gazni salgina ko‘paytirganimizda yonib ketardi. Mening eng katta qo‘rqqanim stansiya (Sirdaryo IES – tahr.) yonib ketmasin, dedim. 1982 yoki 1983-yilda Sirdaryoda oltita stansiya yonib ketgan edi. Agar hozir ham shunaqa bo‘lganda nima qilardik? Bir kishi ham o‘lmasin, dedim. Har daqiqada bosh vazirga "odamlarga boring, gaplashing", dedim. Bir kunda sochimiz necha foizga oqardi? Kechasi bilan necha marta gaplashdik?", — dedi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, 25-yanvar kuni Markaziy Osiyo energetik halqasida katta avariya sodir bo‘lgan edi. Unda bir necha daqiqa ichida Qozog‘iston janubi, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning aksariyat shaharlari elektr ta’minotisiz qoldi. Toshkentda metro to‘xtatildi. Respublikadagi barcha poyezdlar o‘z manzillariga kechikdi, barcha aeroportlar bir necha soatga yopib qo‘yildi. 27-yanvar kuni soat 16:00 da O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklandi.
28 yanvar kuni Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlarini boshqaruvchi kompaniyasi Markaziy Osiyodagi blekautga O‘zbekistonda yuz bergan hodisa sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Kompaniyaning xabariga ko‘ra, 2022-yil 25-yanvar kuni soat 11:59 da qisqa tutashuv tufayli Sirdaryo IESdagi 6ta energoblok birdaniga o‘chirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli topshirig‘i bilan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzilgan. Hozircha komissiyaning yakuniy xulosasi e’lon qilinmagan.