Markaziy Osiyo “energohalqasi” nima uchun kerak?

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi qanday tashkil topgan, nimaga “energohalqa” deb ataladi va u nima uchun kerak? Energetika vazirligi hikoyasi.
Sputnik
TOShKENT, 29 yanv – Sputnik. Markaziy Osiyo “energohalqasi” – aslida “Markaziy Osiyo va Qozog‘iston janubining yagona energiya tizimi” deyiladi. Energetika vazirligi xabariga asosan.

Energetik halqa nima o‘zi?

Bir necha energetika tizimlarining o‘zaro paralel birlashgan ravishda, ya’ni o‘zaro hamkorlikda ishlashi energetik halqa deyiladi. Bunday tizimda ishlash barcha ishtirokchilar uchun elektr ta’minoti ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi.
“Halqa”ning biron bir bo‘g‘ini o‘chib qolsa, boshqa bo‘g‘imlar g‘isobidan uning barqarorligi saqlab qolinadi, elektr ta’minoti keskin uzilishi yoki quvvati kamayib ketishining oldi olinadi.
Yoki aksincha, agar energiya tizimining qismlarini bog‘laydigan yirik tarmoq o‘chirilgan bo‘lsa, ularning parallel ishlashi buzilishi ham mumkin. Bunday vaziyatda elektr ishlab chiqaruvchi birinchi manbalar — elektr stansiyalarning barqarorligi saqlab qolinadi.

Tashkil topishi

Bunday energetika tizimi faqat Markaziy Osiyoda emas, dunyo mamlakatlaridayam ko‘pgina. Ilgari Sovet Ittifoqida bir nechta bunday tizimlar mavjud edi va ularning har birining o‘z birlashgan energetik dispetcherlik markazlari bor edi. Sobiq Ittifoqning Markaziy dispetcherlik idorasi (MDI — SDU) Moskvada joylashgandi.
“O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘iston Birlashgan yagona energiya tizimi” - 1960-yilda qurila boshlagan va 1970-yillarga kelib bugungi yaxlit konfiguratsiyasi hosil bo‘lgan: 4ta respublika (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) hududidan o‘tuvchi 500 kV kuchlanishli liniyalar bitta halqani tashkil qilgan.
MO energohalqasi Moskvadan boshqarilmagan va alohida ishlagan. Uning dispetcherlik markazi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lgan. Energohalqa - 30% gidroelektr stansiyalar va 70% issiqlik elektr stansiyalaridan tashkil topgan bo‘lib, dispetcherlik markazi ekspluatatsiya, chastota va quvvatni tartibga solish, melioratsiya va energetika masalalarini majmuali hal qilib kelgan.

Yangi tarix

Aytish joizki, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin energiya va yoqilg‘i ta’minotida barcha o‘z-o‘zini muvozanatlash, barqarorlashtirishga intildi. Gidroenergetika salohiyati yuqori bo‘lgan davlatlar o‘z ehtiyojini qoplash uchun qishda ham suv omborlari sathini kamaytirib bordi. Bu mintaqada melioratsiya tartib-taomilini izdan chiqarib, ko‘pgina ekologik muammolarga duch qildi.
Nihoyat, 1991-yil 19-noyabrda Ashxobodda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasining energetika tizimlarining parallel ishlashi to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Albatta, bu energetika sohasi rahbarlarining to‘g‘ri qarori bo‘lib, Mintaqadagi energetika tizimlarining hech biri mustaqil ravishda o‘z iste’molchilarini to‘liq ishonchli energiya ta’minoti bilan ta’minlay olmasligini tushungan holda amalga oshirildi.
Shunday qilib, “Markaziy energiya tizimlarini yagona dispetcherlik nazorati” tashkiloti ta’sis etildi va moliyalashtirish manbalari aniqlandi. Bir so‘z bilan aytganda, “mintaqa dispetcheri” saqlab qolindi.
Markaziy Osiyo elektr tarmoqlari parallel ishini boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv organi — Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimi Kengashi (Markaziy Osiyo YaET Kengashi), Unga energiya tizimlarining birinchi rahbarlari kiritilgan bo‘lib, yilning chorakliklarida poytaxt shaharlarda navbatma-navbat yig‘ilib, masalalar jamoaviy tarzda muhokama etishga kelishib olindi.

Faqat 3ta respublika

Aytish jozizki, bugungi kunga kelib energohalqa tizimida faqat 3ta respublika qolgan: O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston.
Turkmaniston – ushbu tizimga boshidan a’zo bshlmagan. O‘zbekiston Turkmaniston bilan “orol” deb ataluvchi sxemalar bo‘yicha hamkorlik qilgan, ya’ni alohida tarmoqlar orqali. 2003-yilda o‘z tashabbusi “Energohalqadan” chiqib Eronga elektr energiyasi yetkazib bera boshladi.
Tojikiston bir vaqtlar parallel ishlash shartlarini takroran buzganligi sababli “halqa” tarmog‘idan ajratilgan edi. Bu Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston tizimining boshqa ishtirokchilari qabul qilgan qo‘shma qarori bo‘lgandi. Hozir qayta qo‘shilish bo‘yicha elektr-montaj ishlari olib borilmoqda.
Darvoqe, Tojikiston energetika tizimi o‘tgan yillar davomida chastotani mustaqil ravishda tartibga solib kelgan, bunga gidroelektr stansiyalarida mavjud bo‘lgan katta suv zaxiralari yordam berdi. Elektr energiyasining muhim ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda sozlash murakkab texnik-muhandislik ishi bo‘lib, bu muammoni issiqlik stansiyalari (Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lgani kabi) yoki kichik quvvatli gidroelektr stansiyalarining zaxiralari bilan (so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi) hal qilish amalda mumkin emas.
Shuning uchun ham ushbu energiya tizimlarining yagona “Markaziy Osiyo halqasi”da birgalikda ishlashi Markaziy Osiyo energetika tizimlarining ishonchli parallel ishlashini ta’minlash, nafaqat ular o‘rtasidagi, balki “uzoq qo‘shni” davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb zarurati hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 25-yanvar kuni Markaziy Osiyo energetik halqasida katta avariya sodir bo‘lgan edi. Unda bir necha daqiqa ichida Qozog‘iston janubi, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning aksariyat shaharlari elektr ta’minotisiz qoldi. Toshkentda metro to‘xtatildi. Tizimni to‘liq qayta tiklash uchun deyarli 3 kun kerak bo‘ldi.