Toshkentlik arxeolog Leningrad qamali dahshatlari haqida

Leningrad qamaldan chiqqan kun 27-yanvar O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli sana. Ikkinchi jahon urushi davrida yuz minglab insonlar, jumladan Leningrad aholisi ham O‘zbekistonda ikkinchi vatanini topgan.
Sputnik
TOShKENT, yanv- Sputnik, Marina Chernishova-Melnik Sputnik Tinchlik va tiriklikning qadrini yana bir bor eslatish maqsadida o‘zbekistonlik taniqli arxeolog va pedagog Margarita Filanovich bilan bo‘lgan uch yil avvalgi intervyuni e’lon qiladi.

Ongli hayot qamaldan boshlangan edi

Margarita Filanovich 1937-yilda tug‘ilgan va umrining dastlabki yillarini Petrograd tomonlardagi eski uyda o‘tkazgan.
“Biz birinchi qavatda yashar edik, uyning tagida yerto‘la bor edi. Qamal paytida yerto‘laga bombalarni joylashtirishdi. Yaqin atrofda maktab bor edi, u yaradorlar uchun gospitalga aylantirildi. Yerto‘la derzalaridan o‘sha maktab ko‘rinib turardi. Devorda katta chuqur o‘yishdi, radiotarelka orqali xavotirli signal eshitilishi bilanoq, odamlar portlashlardan yashirinish uchun gospitaldan bizning yerto‘lamiz tomon qochib kelishardi”, - deya eslaydi Margarita Ivanovna.
Shaharning bu qismida uylar bir-biriga zich qurilgan edi. Ko‘p binolar bombalardan vayron bo‘ldi va urush paytida go‘zal binolar o‘rnida xarobalar paydo bo‘ldi. Filanovichlar oilasi bir kuni halok bo‘lishiga bir bahya qolgan: uyga qarama-qarshi joylashgan binoga bomba tushgan va uning zarbidan oila yashaydigan uyning oynalari ham chil-chil singan. Portlash zarbi Qizaloq va uning buvisini xonadan dahlizga uloqtirib yuborgan. Ular yashagan uy binosi ham haloskor yerto‘lasi bilan urushga turib berdi. Yillar o‘tib Margarita Ivanovna bir necha bor uyini ko‘rgani keldi.
Jajjigina Rita nemis askarini birinchi marta 1941-yilning yoz oyida ko‘rgan. Qo‘shinlar endigina Moskva va Leningrad tomon harakatlanayotgan, aholi esa yaqinlashib kelayotgan blokada haqida noaniq ma’lumotlarga ega edi. Bolalarni iloji boricha atrofdagi qishloqlarga olib borib qo‘yishga harakat qilishgan. Margaritaning onasi ham qizi, dugonasi va uning bolalarini qo‘shni qishloqqa olib borib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Snarad olib ketayotgan avtobusga chiqish uchun haydovchiga tilla soatni berishga majbur bo‘lishdi. Yoshi katta ayollar tarbiyachi o‘rnida jo‘natilardi.
"O‘sha kunni xuddi bugungidek eslayman. Quyosh charaqlab turardi, atrof yam-yashil yaylovlar. Biz derazadan bu go‘zallikni tomosha qilib hayratlanardik. Qanday xotirjamlik! To‘satdan svastikali samolyot biz tomon uchib keldi. U to‘g‘ri tepamizda turib manevr qildi. Men temir qalpoq kiygan va bizga tabassum qilib turgan uchuvchini ko‘rdim. U o‘q uzdi. Hammamiz yugurib chiqdik va yerga yotdik. Oyim meni to‘sib turar va qimirlamaslikni tayinlardi. Oyimning dugonasi esa vahima ichida bolalari bilan dala bo‘ylab yugura boshladi, menimcha, u biror joyga yashirinaman deb o‘ylagan. Samolet yana bir necha marta 2-3 metr balandlikda tepamizdan uchib o‘tdi. Keyin oyim dugonasiga bolalari bilan o‘zini o‘lgandek ko‘rsatishga tayinladi. U oyimning aytganini qildi. Tez orada dushman uchib ketdi. Uchuvchining zavq bilan himoyasiz odamlarga o‘q uzishi dahshatli edi. U haydovchiga tegmagandi - chunki tirik odamni nishonga olishni xohlagan edi. Men keyinchalik bu nemisni tez-tez eslardim va o‘ylardim: nega? Ahir uning ham vatanida onasi, balki singlisi, xotini, bolalari qolgandir... Nahotki, bizning kichkinagina oilamiz o‘limi (u o‘ylagandek) unga yaxlishik olib kelgan bo‘lsa?”, - deydi Margarita Ivanovna.
1941 yil 8-sentabrda boshlangan qamal arafasida uning onasini zavod xodimlari bilan birga Sibirga evakuatsiya qilishdi, qizchaning otasi esa iyun oyida frontga ketgan edi. U Leningradda buvisi, bobosi va katta buvisi bilan qoldi. Uning eslashicha, har bir odamga og‘irligi 120 gramm bo‘lgan bir bo‘lak non berilgan. Holsiz, madorsiz odamlar esa qahraton sovuqda ovqat uchun navbatga turishar va hech kim qiynalib kutgan ovqatni olib ketmasligi uchun qo‘llarini tarozi ustida ushlab turishardi. Bir kuni qizaloq bir xunuk voqeaning guvohi bo‘ldi: bir yigit birovning nonini olib qochib ketdi, unga yetib olib do‘pposlashdi. Qishda suvni Nevadagi muz teshiklaridan olishardi. Qahraton sovuq edi, ko‘chalar o‘liklarga to‘la. Odamlar ko‘proq oziq-ovqat olish uchun bozorga qimmatbaho taqinchoqlarini, buyumlarini va oxirgi kiyimlarini olib kelishardi.
Qizaloqni bolalar bog‘chasiga berishdi. Bog‘chada hammaga sho‘rva va non berilardi, yana shirin konfetlar ham. Rita doimo o‘z yaqinlarini boqish uchun ovqatining bir qismini uyga olib kelishga harakat qilardi.
“Nonni kurtkamning cho‘ntagiga yashirib, kun bo‘yi o‘zimni uni yeyish istagidan tiyib turardim. Ozgina tishlardim, tishlamim to‘pga aylanardi. Bir bola mening manipulyatsiyalarimni payqab, nonni olib ketmoqchi bo‘ldi. U mening oldimga keldi. Men ovqatimni qo‘limni musht qilib ushlab turardim. U ko‘limni ko‘yib yuborishim uchun barmoqlarimni shisha bo‘lagi bilan kesa boshladi. Qon ketdi. Ammo men nonni saqlab qoldim, uyga olib keldim” - deya xotirlaydi qahramonimiz.
Hozir Margarita Ivanovna nafaqat urushda halok bo‘lganlar, balki undan tirik qolganlar uchun ham haykallar o‘rnatilishi kerak, deydi. O‘sha dahshatli sharoitda yashab qolish uchun iroda kerak edi. Taslim bo‘lish va o‘lish osonroq edi; o‘lim ko‘pchilik uchun najot edi. Shuning uchun azob-uqubatlarga chidagan va yashashni o‘rganganlar sharafiga haykal qo‘yish kerak.
Ammo Margarita Ivanovnaning oilasida ertangi yorug‘ kunlarga ishonchni saqlab qolishdi.
“Bobom va buvim dastlab nemislar Leningradni ololmaydi, deb ishonishardi. Ko‘p ishlashardi, uy binolari tomlaridan samoletlar uloqtirgan zajigalkalarni terib olishardi. Ko‘p binolarni vaqtida yong‘inni o‘chirib saqlab qolishdi. 1942-yilning bahori juda baxtli edi. Uzoq tanaffusdan so‘ng ko‘chalar bo‘ylab tramvay yurishni boshlagandi o‘sha vaqtda”, - deydi qahramonimiz.
Ammo qahramonimiz 1944-yil blokada doirasi o‘pirilishini ko‘rmadi.

Cheksiz vatan yo‘llari bo‘ylab

Filanovichlar oilasi 1942-yil yozida Ladoga ko‘li orqali qayiqda evakuatsiya qilindi. Ko‘plab kemalar cho‘kib ketgan. Ammo Margarita, uning bobosi va buvisi tirik qolishdi. Ladoga ko‘lini kesib o‘tib, ular Ritaning onasi yashagan Sibirga yo‘l olishdi. Ular teplushkalarda - sigirlar tashiladigan vagonlarda yo‘lga chiqishgandi.
Ko‘plab avtobuslar va aravalarda yurishdi, o‘rmonlarning bir qismini piyoda bosib o‘tishdi. Yo‘lda odamlar ovqatlanadigan va dam olishga ruxsat berilgan isinish punktlariga kirishdi. Novosibirskka yetib borishganida qizaloq onasini ko‘rdi. Ochlikdan holdan toygan oila to‘yib-to‘yib ovqatlandi. Shundan so‘ng qizning bobosi va buvisi kasalxonaga tushib qoldi.
“Doimiy ochlikdan keyin darhol ko‘p ovqat yeyish mumkin emas. Organizm ovqatga ko‘nikishi uchun ozginadan yeyish kerak. Men-ku kichkina edim va bog‘chaga borganim sabab ko‘proq ovqatlanardim. Bobom va buvim esa ochlikdan holdan toygan, shundan ko‘p ovqat yeb yuborishgandi. Ularni zo‘rg‘a qutqarib qolishdi”,- xotirlaydi Margarita Ivanovna.
Margarita oilasi bilan bir yarim yil Sibirda yashadi. U hamon Sibirni iliq xotiralar bilan eslaydi: qishda qor, yozda gulzorlar, yilning har faslida ajoyib bo‘lgan tayga. Margarita Ivanovna hali ham Sibirning tabiati u ko‘rgan barcha joylardan eng go‘zali ekanligiga qattiq ishonadi.
1944 yil boshida oila Belorussiyaga ketdi: Margaritaning muhandis bo‘lgan bobosini Gomeldagi mato fabrikasini qayta tiklash uchun yuborishdi. Bobosining qo‘l ostida nemis askarlari ham bo‘lgan. Margarita Ivanovna ularning: “Biz askarlarmiz, shunchaki buyruqni barajarganmiz, jang qilishni xohlamaganmiz” deganlarini tez-tez eslaydi. Ritaning buvisi, inqilobgacha bo‘lgan davrda juda yaxshi ta’lim olgan, beshta tilda, xususan nemis tilida ham bemalol so‘zlasha olgan. U asirdagi nemis askarlari bilan ko‘p suhbatlashgan. Gomelda Margarita maktabga bordi, onasi esa kutubxonaga ishga kirdi. Filanovichlar oilasi G‘alabani Belarusda nishonladi.
Urushdan keyingi tinchlik davrlarini oila Belarusda o‘tkazdi, 1948-yilda esa Toshkentga kelishdi. Ular dastavval Novosibirskka qaytishni rejalashtirgan. Margaritaning onasi urush vaqtida shu yerlik bir insonni uchratgan va unga ko‘ngil qo‘ygan edi. Ayol turmush o‘rtog‘i bilan vokzalga bilet olish uchun boradi va birdan o‘sha yerning o‘zida fikrini o‘zgartiradi: ular O‘zbekistonga, serquyosh va mevalarga boy mamlakatga ko‘chishga qaror qilishadi.
“O‘zbekistonda bizning na do‘stlarimiz, naqarindoshlarimiz, umuman hech kimimiz yo‘q edi. Oilamizdan hech kim u yerda bo‘lmagan edi. Bu onamning shunchaki bir lahzalik niyati edi xolos. Onam biletlar bilan qaytdi va hammizning taqdirimizni hal qiladigan qaror qildi”, deya xotirlaydi qahramonimiz.
Avval Toshkentga Margaritaning onasi turmush o‘rtog‘i bilan vaziyatni bilish uchun kelishdi. Ish topishdi, shaharga o‘rganishdi. Bir yildan so‘ng butun oila ularga qo‘shildi. Margaritaning otasi frontda halok bo‘lgan, endi ularni Leningradda hech kim kutmas edi.

O‘zbekiston- ikkinchi vatan

O‘zbekistonda urushdan so‘ng SSSR ning turli mamlakatlaridan kelgan odamlar yashardi. Shuningdek, qamalga olingan shaharlardan ham evakuatsiya qilingan odamlar bor edi. Zavodlar va boshqa sanoat obyektlari qayta tiklanmadi, shu sabab frontda oilasini yo‘qotganlar yangi shaharda qolib ishlay boshladi. Mamlakatda barcha rus tilini bilar edi. Shu sababli yangi hayot boshlash qiyin bo‘lmadi. Asosiysi Filanovich oilasining barcha a’zosi shu yerda edi.
Yosh Margarita o‘rta maktabni tamomladi. 1954-yili O‘rta Osiyo davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. U yerda mintaqada yagona bo‘lgan arxeologiya kafedrasi faoliyat yuritgan. Kafedraga afsonaviy o‘zbek arxeologi Mixail Masson rahbarlik qilgan. Aynan shu inson Margaritaning ilmiy rahbari bo‘ldi.
“Men uchun O‘rta Osiyo mintaqasining tarixi, qadimiy yeri, yodgorliklari, xullas barchasi qiziqarli edi. O‘lka judayam boy, loydan qanchadan-qancha binolar va narsalar yasalgan. Ikki ming yil avval tog‘li O‘zbekiston hududida Baqtriya-Marg‘ion sivilizatsiyasi bo‘lgan. Men arxeologiyani dastlab ilmiy nuqtayi nazardan o‘rgandim, keyin dalalarda ishladim, dissertatsiya himoya qildim, dars berdim”, deydi Margarita Ivanovna.
1960 yillardan boshlab Filanovich ko‘plab ilmiy ekspeditsiyalarda qatnasha boshladi. U qadimiy shahar bo‘lgan Marv va qo‘shni hududlar tarixini o‘rgandi. Bu hududlarda hozirgi Toshkent (Kanka, Afrosiyob) joylashgan. Margarita Ivanovna keyinchalik ilmiy ekspeditsiyalarga rahbarlik qildi. Ekspeditsiya davrida olimlar ko‘p qadimiy yodgorliklar, predmetlar, idish tovoqlar va taqinchoqlar topdi.
1966 yili Toshkentda kuchli zilzila bo‘lib o‘tgan vaqt Margarita Ivanovna va uning hamkasblari zudlik bilan qazishma ishlarini olib bordi, o‘tmishning ko‘plab yodgorliklarini saqlab qolishdi. Keyinchalik shahardagi yangi binolarning arxeologik monitoringi o‘tkazildi, u yerda olimlar ko‘plab qimmatbaho predmetlarni topishdi. Qahramonimiz tadqiqot jarayonida O‘zbekiston poytaxti hamma o‘ylagandan ham ikki asrga qadimiy ekanligini isbotlovchi dalil topdi. 2009-yilda u Parijda ilmiy delegatsiyaga boshchilik qildi, YuNESKO konferensiyasida Toshkent tarixi bo‘yicha batafsil ma’ruza va taqdimot bilan chiqdi. Olimlarning topilmalari rasman e’tirof etilib, ko‘p o‘tmay davlat rahbarining farmoniga asosan poytaxtning 2200-yilligi munosabati bilan bayram tantanalari o‘tkazildi.
“Leningrad- mening tug‘ilgan yerim. Toshkent esa ikkinchi vatanim. Men bu shaharni, odamlarini, havosini yaxshi ko‘raman. O‘zbekiston meni qabul qildi va hayotimning asosiy davrini shu yerda baxtli o‘tkazapman”, deydi u.
Umrining ko‘p yilini qahramonimiz ilm-fanga bag‘ishladi. Konferensiyalarda ishtirok etdi, turli oliy ta’lim muassasalarida ma’ruzalar qildi, maqola va monografiyalar e’lon qildi, mualliflik tele- va radiodasturlarini olib bordi, shuningdek, tarixiy filmlarda maslahatchilik qildi.

Xuddi qamal paytidek sovuq

Filanovichning ona shahri Leningradga tashrifi hayotining eng ahamiyatli voqealaridan biri bo‘ldi. 1959-yil yoz faslida, universitetni tamomlagandan so‘ng, Margarita Ivanovna onasi bilan Leningradga birinchi bor mehmon bo‘lib keldi.
"Moskva vokzali binosidan chiqdik, oshxonaga kirdik, sho‘rva sotib oldik, sho‘rvani ko‘rib onam ikkalamiz yig‘lab yubordik. Keyin shaharni aylanib chiqdik, sayr qilgan xiyobonlarimizni va, albatta, Petrogradskiydagi uyimizni esladik. Keyinchalik onam zilzila voqealarini unutish uchun bu yerga 1966-yilda ham kelgan. Ammo hammasi o‘z iziga tushgandan so‘ng u O‘zbekistonga qaytdi. Baribir endi Toshkent asosiy uyimiz edi. Men Leningradga yana bir necha bor keldim, bu yerda ko‘p sayr qilganman. To‘g‘ri, faqat issiq bo‘lgan vaqti kelaman. Hozir esa qishda birinchi marta kelishim. Oxirgi marta bu yerda blokada paytida shunday sovuq bo‘lganini eslayman”, - deydi qahramonimiz.
Margarita Ivanovna bizga Toshkentda yashaydigan, qamaldan chiqqan boshqa leningradliklar haqida so‘zlab berdi.
“Ular to‘shakka yotib qolgan, uzoq joyga borolmaydi. Ular bilan Rossiya fan va madaniyat markazi aloqa qilib turadi. Tashkilot 9-May kunlari umumiy uchrashuvlar tashkillashtiradi. Barcha postsovet mamlakatlarida shunday madaniyat markazlari bor. Umuman O‘zbekistonda urush qatnashchilari uchun juda ko‘plab xayrli ishlar qilishadi: imtiyozlar, bayram kunlarida pul mukofotlari, har oy oziq-ovqat, oktabr oyida, qish fasli arafasida kiyim-kechak berishadi”, deydi Margarita Ivanovna.
Margarita xonim hamon ishlaydi. U hozirda Fanlar Akademiya Arxeologiya Instituti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti qoshidagi Tarix institutida talabalarga saboq beradi. Olima qahramonimiz hamon tadqiqotlar olib boradi, maqolalar yozadi, ilmiy tadbirlarda ishtirok etadi. O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng u biroz dam oladi, keyingi kuni esa talabalarga ma’ruza o‘tish uchun ishga boradi.