TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Toshkentda Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda "Tavhid va jihod katibati"* nomli terrorchilik tashkilotining 30 ga yaqin a’zosi ushlangan.
Ular Toshkent shahri hududida jamoaviy yig‘inlarni o‘tkazib, kelgusida Suriya hududida faoliyat yuritayotgan terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilishni rejalashtirib kelgan.
Qayd etilishicha, qo‘lga olinganlar asosan yoshlardan iborat va ularning ayrimlari Andijon, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan Toshkent shahriga ishlash maqsadida kelgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
* O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan terrorchilik guruhi deb topilgan va faoliyati taqiqlangan