Shomurodovdan dubl: O‘zbekiston Janubiy Sudanni yirik hisobda mag‘lub etdi - video

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rtoqlik bahsida Janubiy Sudan ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Sputnik
TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. O‘zbekiston milliy jamoasi o‘rtoqlik bahsida Janubiy Sudan ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bugun FIFA kunlari doirasidagi ilk rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Srechko Katanes shogirdlari Janubiy Sudan milliy jamoasiga qarshi saf tortdi.
Uchrashuvni hujumkor boshlagan o‘zbekistonlik futbolchilar 6-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Chap qanot himoyachisi Sherzod Nasrullayevning zarbasini darvozabon bartaraf etgach, qaytgan to‘pni Eldor Shomurodov darvozaga teskari turgan holda tovoni bilan hisobni ochdi – 1:0.
29-daqiqada esa Javohir Siddiqovning uzatmasidan keyin Eldor darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, dublini rasmiylashtirdi – 2:0.
Ikkinchi bo‘limning 67-daqiqasida esa afrikalik futbolchilar o‘z jarima maydonlarida qo‘l bilan o‘ynashdi. Belgilangan penaltini esa Jaloliddin Masharipov "Panenka uslubi"da ijro etib, farqni yiriklashtirdi – 3:0.
O‘zbekiston milliy jamoasi Dubayda FIFA kunlari doirasidagi ilk rasmiy o‘rtoqlik bahsida yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Navbatdagi bahs 1-fevral kuni Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkaziladi.