TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolariga Rossiyaga kirganidan keyin 15 kun davomida migratsion ro‘yxatdan o‘tmasdan turib Rossiya hududida bo‘lishga ruxsat berishga doir bitimni tasdiqladi.
Xuddi shunday qoida O‘zbekistonga kiruvchi rossiyaliklarga ham tegishli bo‘ladi.
O‘zbekiston rahbari tegishli qarorni 20-yanvar kuni imzoladi. Biroq hujjat hali kuchga kirmadi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida Sputnik muxbiriga uning tartibi haqida ma’lumot berildi.
“Hujjat diplomatik kanallar orqali tomonlar zarur davlat ichki tartib-qoidalari bajarilganligi to‘g‘risida oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan e’tiboran kuchga kiradi”, — deyishdi diplomatik idorada.
Mirziyoyev Rossiya bilan bitimni tasdiqlash haqidagi farmonni imzolaganida, O‘zbekiston tomoni ularni bajarib bo‘ldi.
Endi Rossiya o‘z tomonidan bunday protsedurani amalga oshirilishi kerak.
“O‘zbekiston Rossiya tomoni uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarini bajarganligi to‘g‘risida bildirishnoma olgan kundan boshlab bitim kuchga kiradi”, — deb tushuntirishdi elchixonada.
Hozirgi kunda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Armaniston fuqarolariga migratsiya ro‘yxatidan o‘tish uchun 15 kunlik muddat belgilangan.
Rossiya IIVga ko‘ra, yangi qoidalar Rossiyaga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari sonining ko‘payishiga va migratsiya nazorati samaradorligining pasayishiga olib kelmaydi.