Chang bo‘ron va kuchli shamol: “O‘zgidromet” ogohlantirish bilan chiqdi

Bugun Toshkent viloyatida chang bo‘roni kuzatilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. "O‘zgidromet" Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida chang bo‘roni kuzatilishidan ogohlantirdi.
27 yanvar kunida Turkmaniston hududidan iliq havo kirib kelishi, harorat va atmosfera bosimining nisbatan gradiyentlari vujudga kelishi hisobiga Bo‘stonliq tumanining ba’zi joylarida shamol tezligi 17-22 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda. Natijada mazkur hududda chang bo‘ron va g‘uborlar kuzatilishi mumkin.
28-29 yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan Kaspiy dengizi va Turkmaniston orqali nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda.
28-29 yanvarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol kuchayishi kutilmoqda, jumladan:
28 yanvarda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida 17-22 m/s gacha;
28 yanvarda Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida 17-22 m/s gacha, ayrim joylarda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin;
29 yanvarda Surxandaryo, Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlarida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
28-29 yanvarda respublika hududlari bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda qorga aylanishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin.