TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Bugun, 26-yanvardan, O‘zbekistonda gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar o‘rnatiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot kotibi Elmira Bekmurodova AOKAdagi brifingda ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bugun soat 09:30 holatiga ko‘ra, respublikada elektr energiyasi ta’minoti 70% ga tiklangan. Elektr tizimidagi nosozliklar sababli gaz ishlab chiqarish hajmi kamaydi.
Iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi iste’molchilariga yo‘naltiriladi.
“Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi”, - dedi u.