TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bundan tashqari, Toshkent shahar, Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti qisman tiklandi.
Hozir respublika hududlarida elektr energiyasi ta’minoti bosqichma-bosqich tiklash ishlari olib borilmoqda.
Markaziy Osiyodagi blekaut
25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator hududlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Energetika vazirligi Qozog‘iston elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston va atrof hududlarida elektr energiyasi ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelganini ma’lum qildi. Hozir elektr stansiyalar bosqichma-bosqich ishga tushirilib, hududlarda elektr ta’minoti tiklanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzilgan.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov elektr energiyasi bilan bog‘liq vaziyat prezident nazoratida ekanligini ma’lum qildi.