Toshkentda tramvay faoliyatini tiklash taklif qilindi

Bu taklif "O‘zbekiston 24" telekanalida efirga uzatilgan "Menimcha" ko‘rsatuvida bildirildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Toshkent jamoat transportidagi muammolarni hal qilish uchun tramvaylar faoliyatini tiklash taklif qilindi. Bu taklifni telejurnalist Xayrulla Nuriddinov "O‘zbekiston 24" telekanalida efirga uzatilgan "Menimcha" ko‘rsatuvida bildirdi.
"Shahar transporti mavzusi ochilganligidan foydalanib, yana bir taklifni aytmoqchiman. Aholiga qulay va sifatli transport xizmatini ko‘rsatish sohasini takomillashtirish maqsadida Toshkentga tramvaylarni qaytarish kerak, menimcha. Katta va gavjum shaharga tramvay juda asqatadi. Hammamizning esimizda-ku o‘sha qulay, bejirim, bir tekisda yuradigan, muhimi, ekologiyaga zarar yetkazmaydigan qadrdon tramvaylarimiz. Bilmadim, balki xato qilayotgandirman, lekin bu mening shaxsiy fikrim. Agar poytaxt mutasaddilarining o‘rnida bo‘lganimda, ana shu tashabbus bilan chiqqan bo‘lardim", — dedi u.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-yanvar kuni Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi. Lekin taqdimotdan ko‘ngli to‘lmaganini ma’lum qilib, mutasaddilarni tanqid qilgan. Xususan, prezidentga transport vaziri Ilhom Mahkamovning taqdimoti ma’qul bo‘lmagan.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand tramvayining yo‘lovchisi bo‘ldi
2016 yilning 2-may kuni Toshkentda harakatlanayotgan so‘nggi tramvay yo‘nalishi — "Beshqayrag‘och" dahasi va Ippodrom o‘rtasida qatnovchi 17-yo‘nalish yopilgan va shu bilan poytaxt tramvayining 115-yillik tarixi yakunlangan.