Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 76,8 trln so‘m ajratiladi

2022–2024 yillarda 248 ta sportzaldan iborat umumta’lim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar qurilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. “2022–2024 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2022–2024 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Dastur doirasida belgilangan yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 76,8 trln so‘m ajratiladi.

Shunga ko‘ra, mazkur yillarda jumladan quyidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish nazarda tutilgan:
54 230 o‘quv o‘rni va 8 358 yotoq o‘rniga ega oliy ta’lim muassasalari;
259 101 o‘quv o‘rniga ega, 248 ta sportzaldan iborat umumta’lim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
88 310 o‘ringa ega maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
24 213 o‘ringa ega sog‘liqni saqlash muassasalari.
Qaror bilan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzildi.
Hukumat yaqin yillarda OTMlar sonini 200 taga yetkazishni mo‘ljallamoqda
Respublika komissiyasi Dasturda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Dasturlar doirasida rejalashtirilgan mablag‘larni ichki manbalar hisobidan jalb qilingan qarz mablag‘lari, xorijiy kreditlar va ular bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarini qoplashga, shuningdek, obyektlar qurish uchun kreditlar ajratishga yo‘naltirish taqiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yildan:
- ikki yil muddatga vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning ma’muriy binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangidan boshlanadigan loyihalarni (Prezident qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan, shuningdek, yangidan tashkil etiladigan shahar va tumanlarda joylashadigan loyihalar bundan mustasno) O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritish taqiqlanadi;
- kelgusi yillar uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirish jarayonlarida keyingi yillarga o‘tadigan loyihalar (obyektlar) soni bosqichma-bosqich qisqartiriladi va ularni tegishli moliyaviy yilda foydalanishga topshirish nazarda tutiladi.
2022 yilda yakunlanadigan ta’lim muassasalari obyektlari – 15-avgustgacha, sog‘liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar obyektlari – 1-oktabrgacha, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obyektlari – 1-dekabrgacha foydalanishga topshiriladi.