TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Yaqinda Rossiyadan O‘zbekistonga yana bir “Agroekspress” poyezdi yo‘lga chiqadi. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, Yevroosiyo integratsiyasi masalalari bo‘yicha mas’ul Dmitriy Volvach ma’lum qildi.
““Agroekspress” loyihasi doirasida Sharqiy va Markaziy Osiyo yo‘nalishlariga eksport yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha ijobiy tajribaga egamiz. Yaqin kunlarda Toshkentga yana bir reys — olti vagonda oziq-ovqatlar mahsulotlari jo‘natiladi”, — dedi u.
“Agroekspress”ning ilk reysida O‘zbekistonga un, go‘sht va boshqa agrosanoat mahsulotlari olib kelingan.
Rossiyaga esa uzum, xurmo, pomidor, limon yetkazib berilgan.
Shuningdek, “RJD Logistika” kompaniyasi ma’lum qilishicha, “Agroekspress” yangi janubiy yo‘nalishlarni ochmoqda. Xususan, Ozarbayjon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha “Agroekspress” logistika loyihasiga qo‘shildi.
Loyihani butun YeOII hududiga kengaytirish rejalashtirilgan.