TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning buyrug‘i bilan bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan neft va gaz sohasini isloh qilish, shuningdek transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha qarorlari ijrosini ta’minlash, tizimning ayrim bo‘g‘inlarida yetarli darajada o‘zgarishlar bo‘lmayotgani va uni tezlashtirish maqsadida kadrlar almashinuvi amalga oshirildi”, - deyilgan xabarda.
Gulmurod Mavlonov - Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari etib tayinlandi. Mavlonov ushbu tayinlovga qadar Geologiya departamenti boshlig‘i edi.
Anvar Gadoyev - “O‘zbekneftgaz” AJ Geologiya departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Gadoyev Neft va gaz konlarini geologiyasi hamda qidiruvi institutida uzoq yillar faoliyat olib borgan.
Shuhrat Dauletiyarov - Kapital qurilish va ta’mirlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Dauletiyarov ushbu tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosini monitoring va nazorat qilish sho‘’basida faoliyat yuritgan.
Ulug‘bek Qodirov - neftni qayta ishlash, neftkimyo, neft mahsulotlarini saqlash va transportirovka qilish departamentining boshlig‘i etib tayinlandi. Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.
Xushnudjon Mahmudov - Moliyaviy institutlar bilan ishlash hamda qarzdorlik majburiyatlarini boshqarish departamentining boshlig‘i etib tayinlandi. Mahmudov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va “O‘zbekneftgaz” AJda turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Javohirbek Anvarov - Korporativ munosabatlar va aktivlarni boshqarish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Anvarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyiha va import shartnomalarni majmuaviy ekspertiza markazi”da ham turli lavozimlarda ishlagan.
Eskender Axayev - Iqtisod va rejalashtirish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Axayev shu kunga qadar “O‘zbekneftgaz” Aksiyadorlik jamiyati Buxgalteriya hisobi va korporativ hisobot departamenti Asosiy vositalar, investitsiyalar, materiallar va xarajatlar hisobi bo‘limi boshlig‘i – Bosh buxgalter o‘rinbosari boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.