Barcha oliy va maxsus ta’lim muassasalari onlayn shaklga o‘tkazildi - vazirlik

Barcha oliy va maxsus ta’lim muassasalari 24-fevralga qadar masofviy ta’lim shakliga o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 21 yanv - Sputnik. Barcha ta’lim muassasalari 24-yanvardan boshlab bir oy onlayn shaklga o‘tadi, deb xabar qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.
"Barcha oliy (davlat, nodavlat, xususiy hamda xorijiy filiallar) va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarda (barcha ta’lim shakllari va turlari bo‘yicha) joriy yilning 24-yanvaridan boshlab, bir oy muddat davomida ta’lim olish tizimi masofaviy (onlayn) shaklda olib boriladi", - deyilgan xabarda.
Ushbu chora Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining taklifiga ko‘ra qabul qilingan. Bunga koronavirusning yangi shtammi bolalar va yoshlar orasida tarqalayotgani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga talaba va o‘quvchilar uchun yangi yil kanikullari arafasida joriy etilgan, avia va temiryo‘l chiptalariga 50 %li chegirmalar 2022-yil 24-fevralga qadar saqlab qolinadi va shu bilan birga ushbu chiptalari bepul ravishda boshqa muddatga almashtirib beriladi. Ya’ni chiptalarni shoshmasdan bir oy davomida almashtirsa bo‘ladi, deyilgan xabarda.
Undan tashqari, vazirlik, bugungi epidemiologik vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li — bu vaksinatsiya deb, barcha fuqarolarni emlanishga da’vat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirusning yangi shtammi juda tez tarqalayotganini kuzatish mumkin. So‘nggi kunlarda yangi qayd etilayotgan holatlar rekord darajada ko‘paymoqda. SSV xabariga ko‘ra 19-yanvar kuni O‘zbekistonda 1307 kishida koronavirus aniqlangan.