TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat berildi. Bu haqda AOKAda brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro va respublika darajasidagi ekspertlar tavsiyalari hamda aholi murojaatlarini inobatga olib, bolalarni "Pfizer" vaksinasi bilan ixtiyoriy emlashga ruxsat berilgan. Buning uchun ota-onalar yoki vasiylarning roziligi talab etiladi.
5-11 yoshdagi bolalarni emlash uchun vaksinaning 0,1 ml dozasi qo‘llaniladi.
8 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda 696 107 nafar 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar koronavirusga qarshi vaksina bilan ixtiyoriy ravishda emlangan.
Noyabr oxirida Rossiyada COVID-19 ga qarshi 12-17 yoshli o‘smirlar uchun mo‘ljallangan “Sputnik-M” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Rossiya yaratayotgan koronavirusga qarshi bolalar vaksinasiga qiziqish bildirmoqda.