TOShKENT, 19 yanv - Sputnik. Toshkentda 17-yanvar 305 ta tadbirkorlik subyekti va 203 ta budjet tashkilotida tekshiruvlar o‘tkazildi va vaksina olmagan 1044 nafar xodim ishdan chetlatildi, deb xabar qilmoqda O‘zA.
Vaksina olmagan 1 ming 44 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatildi, 200 nafariga jarimalar qo‘llanildi, 1 ta obyektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 65 ta bozor, 31 ta istirohat bog‘i va xiyobonlar, 46 ta ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan obyektlar, 22 ta stadion va sport majmualari, 6 ta yirik savdo markazi va 131 ta jome’ masjidlarida karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda koronavirusga chalinish holatlarining keskin ko‘payishi kuzatilmoqda. Ushbu munosabat bilan respublika mahsus komissiyasi maktab kanikullari muddatini uzaytirish, muassasa va tashkilotlarda hamda OTMlarda xodimlar va talabalarning 100 % emlanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.