TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialini tanqid qildi.
“Mamlakatimizda, shubhasiz, so‘z va ijod erkinligi mavjud.
Lekin bir tomoshabin sifatida “Sevimli” kanalida praym-taym vaqti namoyish etilayotgan, millionlab teletomoshabinlarning diqqatini tortgan “Sabriya” milliy serialiga nisbatan shaxsiy munosabatimni bildirishga haqliman, deb o‘ylayman.
Badiiy saviya haqida gapirib ham o‘tirmayman, unaqa narsaning o‘zi yo‘q. Serial mualliflari orasida birorta ayol yo‘qligiga ham ishonchim komil. Chunki hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman”, - deydi Saida Mirziyoyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sujetda giyohvand moddalarni iste’mol qilish bo‘yicha aniq va batafsil yo‘riqnoma ko‘rsatishdan maqsad nimaligi ham tushunarsiz.
“Bu holatdan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Hamkasb-ayollar o‘rtasidagi zahar-zaqqumga to‘la raqobat g‘oyasi-ku, umuman, ayollarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan latifabozlardan ilhomlanib yozilgandek. Va nihoyat, eng yoqimsiz va jirkanch epizodlar – ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari hamda isnoddan qutulishning yagona “to‘g‘ri” yo‘li – o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq. Naqadar "dono" maslahat!
Ushbu serialda ayollar fikri tor, makkora, zaifa, hayotdagi hamma balolarga sababchi qilib ko‘rsatilgan”, deydi Mirziyoyeva.
“Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbekistonlik ayollarning obro‘yiga jiddiy putur yetkazayotgan bunday sayoz “ijod namunalari” yaratishni bas qilishni talab etishga haqlimizmi? Qanday qilib o‘z joniga qasd qilishni ekranda ko‘rsatish mumkin, axir?
Men badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqiraman. Ayollarimiz bunday munosabatga loyiq emas! Bu ham xususiy, ham davlat kinematografiga birdek taalluqli!”, deb yozgan Mirziyoyeva.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ekspertiza o‘tkazmoqda.