TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyada (O‘FA) Italiyaning "Roma" klubi vakili Karlos Perez bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Karlos Perez mamlakatda ko‘plab iqtidorli futbolchilar mavjudligi, ular jahon maydonlarida o‘zlarining iste’dodlarini ko‘rsatib kelayotganligini Eldor Shomurodov misolida e’tirof etdi.
O‘FA vakillari O‘zbekistonda "Roma" klubi akademiyasini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish borasida fikr bildirishdi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik iqtidorli futbolchilar hamda murabbiylarni Italiyada malaka oshirish va tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilingan. Yevropada mavqeyi yuqori hisoblangan "Roma" klubining marketing tizimini ham o‘rganib chiqib, mamlakatda tatbiq etish taklifi ilgari surilgan.
Tomonlar Eldor Shomurodov kabi O‘zbekistonning yetakchi futbolchilarining xorijiy klublardagi faoliyatiga oid maxsus filmlar tasvirga olish kerakligini ta’kidlashdi. Bu yosh futbolchilarning motivatsiyasini oshirish, o‘z ustida ishlash, professionallikka intilish, irodali bo‘lib yetishishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda sport tadbirlarini tashkil etish, menejment, marketing kabi bir qator yo‘nalishlarda dunyoning yetakchi kompaniyalaridan hisoblangan "International Management Group" vakillari ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov 2021-yil yozidan buyon “Roma” safida to‘p surib kelmoqda.