TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov koronavirusning yangi turi oldingi delta va "britancha" shtammlariga nisbatan biroz yengil o‘tayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda muassasada koronavirusga chalingan 1300 nafardan ziyod bemor davolanmoqda. So‘nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari ko‘p kuzatilayotgani bois, 5-yanvardan shifoxonaga murojaat qilayotgan bemorlar soni ham keskin oshgan.
“Hozirda muassasamizga o‘rtacha kuniga 300-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200-300 nafari kasalxonaga yotqizilyapti. Vaholanki, yanvar oyining to‘rtinchi sanasiga qadar kuniga 65-70 ta murojaat bo‘lib, shundan 70 foiz bemor davolanishga yotqizilgan”, — deydi u.
Bemorlarda isitma, bo‘g‘imlarda og‘riq, bosh og‘rig‘i, holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon bo‘lmoqda.
“Qolaversa, 5-yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90-95 foiz bemorda saturatsiyaning pasayishi va o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O‘pkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti”, — dedi Anvar Husanov. Uning so‘zlaridan SSV matbuot xizmati iqtibos keltirgan.
Shuningdek, davolanish muddati esa qisqarib, o‘rtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi "Remdesivir" va boshqa dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoj kamaygan.
Hozir 190 o‘ringa mo‘ljallangan jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqargan. Delta shtammi avj olgan o‘tgan yil yoz oylarida reanimatsion bo‘limlarda bemorlar soni ancha ko‘p bo‘lgan.
Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori fuqarolarni ortiqcha sarosimaga berilmaslikni, zarurat bo‘lmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormaslikni, agar o‘zlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol shifokorga murojaat qilishlarini so‘ragan.
Shuningdek, mutaxassis barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan bo‘lsa, buster dozalarini olishga chaqirgan.
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiylashgan. 18-yanvar kuni pandemiya boshidan buyon rekord darajada 1214 kishida koronavirus tasdiqlangan.