Umra safari narxi nega oshganiga izoh berildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra to‘lovi oshgani borasidagi turli mulohazalarga munosabat bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda pandemiyadan avval, ya’ni 2020-yil fevral oyiga qadar qilingan Umra to‘lovi oshgani borasida turli mulohazalar bildirmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi qo‘shimcha to‘lov haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, pandemiya Umra xizmatlari ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Xususan, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish talablari o‘rnatilgan.
Umra-2022: o‘zbekistonliklar uchun ziyorat qachon boshlanadi va uning narxi qancha
Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko‘tarilgan. Boz ustiga qirollikda 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etilgan.
"Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin bo‘lgan 5 yulduzli „Pulman zam-zam“ va Baytulloh atrofidagi „Jabal Umar“ hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Qiyos uchun, oldingi yillarda ziyoratchilarimiz Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. bo‘lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2020-yil fevral oyiga qadar umra uchun to‘lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to‘lovlari qaytarib berilgan. Qolgan fuqarolarning mablag‘lari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, umra hisob raqamida saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22-yanvardan o‘zbekistonliklar yana Umra ziyoratini amalga oshirishlari mumkin.