TOShKENT, 18 yanv - Sputnik. "RRTM" DUK tomonidan Toshkent teleminorasida DAB+ standartida raqamli radiokanallar uzatishi test rejimida ish boshladi, deb xabar qilmoqda "Xalq so‘zi".
DAB+ standarti orqali bitta uzatkichdan 16 ta radiokanallar: "O‘zbekiston", "Yoshlar", "Mahalla", "O‘zbekiston 24", "Oriat Dono", "Oriat FM", "Vodiy sadosi", "Poytaxt (uzb)", "Poytaxt (rus)", "Grand", "Yoshlar ovozi", "Maksima", "Avtoradio Hamroh", "Navro‘z", "Nostalgiya", "O‘zbegim taronasi" 199,360 MHz chastotada test rejimida efirga uzatilmoqda.
Raqamli radioeshittirish bilan parallel ravishda FM diapazonida ham radiokanallar uzatib kelinmoqda.
DAB+ (digital audio broadcasting) - 175.872-228.128 MGs chastotalarida raqamli formatdagi radio bo‘lib, u FM radiodan o‘zining yuqori sifati hamda ko‘plab yangi imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Dunyoda birinchi DAB+ radiostansiya 2007-yilda ishga tushgan. Bugungi kunda ushbu turdagi stansiyalar Xitoy, Indoneziya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Germaniya, Daniya, Shveysariya, Norvegiya va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda.