TOShKENT, 18 yanv - Sputnik. Rossiya Ukrainadagi ikki diplomatik vakolatxonalaridan o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilmoqda RT xorijiy OAVga asosan.
The New York Times nashriga bu haqida Ukraina Xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimdagi mulozimi xabar qilgan.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 5-yanvar kuni 18 kishi Ukrainani tark etgan. Ular asosan diplomatlarning oila a’zolari va bolalari bo‘lishgan. Yaqin vaqt ichida Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi va Lvov shahridagi konsulxonasidan yana 30 nafar diplomatlarni olib chiqish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya - Ukraina chegarasida vaziyat keskinligicha qolayotgani haqida xabar bergan edi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada dastlab Jenevada, keyin Brusselda Rossiya hamda AQSh va NATO vakillari bilan Rossiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan "Rossiya uchun tinchlik kafolati" shartnomasi muhokama qilingan edi. Shartnomada NATOning sobiq Ittifoq respublikalari hisobidan Sharqqa kengayishi va Rossiyaga tahdid solishini to‘xtatish talabi qo‘yilgan edi. Lekin AQSh va NATO ushbu shartlarni qabul qilmadi. Rossiya bunga javoban o‘z xavfsizligi maqsadida dunyoning istalgan nuqtasida o‘z qurollarini joylashtirishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.