TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Kuni kecha Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi “Jibek yo‘li” nazorat-o‘tkazish punktida O‘zbekiston Respublikasiga ketmoqchi bo‘lgan vaqtida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 1993-yilda tug‘ilgan E. qo‘lga olingani haqida xabar bergandi.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston TIV rasmiy vakili bayonot berdi.
“Yaqinda qator ommaviy axborot vositalarida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda ishtirok etishda gumon qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2022-yil 17-yanvar kuni Turkiston viloyati (Qozog‘iston Respublikasi) "Jibek joli" o‘tish punktida qo‘lga olinganligi haqida yangiliklar e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi emas.
Mazkur holat yuzasidan tegishli axborot Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasining veb-saytida joylashtirilgan”, - deb yozgan TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov.