TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. 2022 yil 1-apreldan O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu prezident imzolagan “Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda belgilab qo‘yilmoqda.
Qarorga muvofiq, 1-apreldan:
O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi;
norezident yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha dividendlari uchun foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi;
rezident va norezident jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha daromadlari daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.
Mazkur tartib 2024-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir qator aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari birja orqali sotuvga qo‘yilishi xabar qilingan edi.