TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Farg‘ona shahrida uch kishi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu shahar hokimining mazkur baxtsiz hodisani tekshirish va oqibatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, 14-yanvar kuni soat 13:00 larda shaharning Istiqlol mahallasida yashovchi ikki kishi va shu xonadonga mehmonga kelgan bir nafar fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy tez yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib borilgan. Tez tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, ular shifoxonada vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasida fuqarolar is gazidan zaharlangan deb gumon qilinmoqda. Baxtsiz hodisa sabablarini maxsus ishchi guruh o‘rganmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, is gazidan vafot etganlarning ikki nafari harbiy xizmatchilar.
Farg‘ona harbiy prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.