TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Andijon viloyati perinatal markazi hududida noqonuniy ravishda daraxt kesib tashlanishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Mazkur holatni Bosh prokuratura ishchi guruhi o‘rgangan.
Ma’lum qilinishicha, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh. viloyat perinatal markazi hududidagi 12 tup eldor qarag‘aylarini (Pinus eldarica) qonunga xilof ravishda kestirib yuborgani oqibatida tabiatga 115,5 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Hozir G‘.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu harakatlar uchun jarimadan tortib uch yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijon viloyati perenatal markazida 12 tup eldor qarag‘ayi kesib tashlangani xabar qilingan edi. Ekologiya qo‘mitasi surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan.
Prezident farmoni bilan 2021-yil 30-dekabrdan daraxt kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.